AKA:Nigorabegim
Сообщений: 8,095
+ 8,360
10,318/4,529
– 37
58/50
|
Цитата:
... Biri dilda
Bir majlisda yonimdagi kishi muhokama chog'i so'zga chiqqan har bir notiqning gapiga o'zicha, aniqrog'i, menga shipshib pisanda aralash luqma tashlab o'tirdi. Aksariyat e'tirozlari jo'yali edi. "Bilmay yurarkanman, qarang, fikri ochiqqina odam ekan", deb qo'ydim ichimda. Bir mahal uning o'ziga so'z berildi. Tavba, tanib bo'lmay qoldi haligi kishini! Oldingi notiqlarni ham yo'lda qoldirib, aravani shunday quruq olib qochdi-ki! Qaytib kelib o'tirgach, "Boya shashtingiz bo'lakcha edi-ku, taqsir!" desam, xijolat bo'lmoq u yoqda tursin, yosh bolaga aql o'rgatgandek tepadan keldi: "Qoidasi shunaqa, birodar, qoyaversangiz-chi!"
Qoidasi... ikkiyuzlamachilik, munofiqlik ekan-da? Ko'nglingdagi gapni aytolmas ekansan, minbarga yugurib nima qilarding? Jimgina o'tirsang, birov kelib yoqangdan olmaydi-ku!
Bu gaplarni unga aytmadim, albatta. Aytolmadim. Chunki-qoidasi shunaqa!
Binoyidek gaplarni gapirib turgan yana biriga mikrafon tutsangiz, daf'atan boshqa qiyofaga kirib, o'zi ham ishonmaydigan bir balolarni sayray ketadi. Yozganda ham ahvol shu. Negaki, qoidasi shunaqa emish!
Maktabda bular matematikani chala o'qigan chiqar. Arifmetikada shunday qoida bor, sonlarni qo'shuv yoki ko'paytiruvda ishlatiladi. Ko'p xonali raqamlarni zarb etganda, deylik, yettini sakkizga qo'shsangiz-o'n besh hosil bo'ladi, to'g'rimi? Lekin uni birdaniga yozolmaysiz-qoidasi shunaqa-beshini qayd etasiz-u, biri dilda turadi, uni navbatdagi qo'shiluvda ishlatasiz, ya'ni, "dildagisi" dilda qolib ketmaydi, yig'indida albatta "teshib chiqadi".
Odam bolasining hayotiyu fe'l-atvori arifmetikaga mos amal hisobiga sig'masligi ayon. Biroq dildagi gap dilda qolib ketaversa, nima bo'ladi? Ha, yashang, maddalaydi. Keyin qonni buzadi, zaharlaydi. Agar o'lmasa, bir kun qarabsizk, boshqa bir odamga aylanibdi-qolibdi. Bu toifa ko'paysa-chi? Yig'in ahli yakkash ana shunday toifadan iborat bo'lsa-chi? Unda majlis qilmoqdan nima ma'ni, ayting?
Darhaqiqat, ayrim yig'inlarimizda tilga olgulik hech nima hal qilinmaydi. aslida avvaldan ma'lum biror gap tasdiqlanadi, ma'qullanadi, xolos. Bo'lmasa, zarur-zarur yumushlarini qo'yib, buncha odam nimaga to'plandiyu savlatidan ot hurkadigan ne-ne notiq minbarga nega chiqdi? Shuncha odam nega azza-bazza uning og'ziga ko'z tikib o'tirdi? Ularniki ham biri dilda, biri tildami?
Shunaqa majlislarimiz ham bor-a, bilasiz-a?
O'shandan beri bunaqa yig'ilishlarda qulog'imni kar qilib o'tiradigan bo'lganman. Yonimdagi odam hadeb shivirlayversa, "Kechirasiz, birodar, qulog'im og'irroq, eshitolmayapman", deb qo'yaman. O'zi rostdan ham shunday, bahona yoki qo'rsligimdan emas bu. "Eshitmayotgan bo'lsang, majlisda nima qilib o'tiribsan?" deyishidan esa xavotirim yo'q. Chunki hali uning minbarga chiqib qolish ehtimoli bor!...
Erkin A'zam
|
|