Моё меню Общее меню Сообщество Правила форума Все прочитано
Вернуться   uForum.uz > ТЕМАТИЧЕСКИЕ ФОРУМЫ > Образование > Ижод хусусида сўз
Сообщения за день Поиск
Знаете ли Вы, что ...
...для каждой темы существует свой раздел. Изучите структуру форума. Если соответствующего раздела нет, то всегда есть раздел "Разное" :)
<< Предыдущий совет - Случайный совет - Следующий совет >>

Ижод хусусида сўз Ижод аҳли, уларнинг ғояси, ҳаёт қараши, мақсадлари, ютуқлари, орзу ва армонлари.... (Все о творчестве, о людях творчества, их идеях, взглядах, достижениях и целях, мечты…)


 
 
Опции темы Опции просмотра
Старый 03.11.2009 00:12   #11  
Real ID Group
Аватар для Tulqin Eshbekov
Оффлайн
доцент, журналист
AKA:Тулкин Эшбек
Сообщений: 3,332
+ 2,150  1,466/1,079
– 187  580/281

Uzbekistan
“XUShXABAR”

Hajviya

Qo`ling bilan bergan qarzingni qaytarib olguncha oyoq ishdan chiqsa-ya. Bu ham etmagandek, qancha vaqt ketib, asabing emirilsa... Bugun ziyofatdan benasib qolishimning sababi ham shu qarz. Boshlig`imiz kotibasi Gulixon tug`ilgan kunini nishonlash uchun tuzagan dasturxonini ko`rib ko`z quvnab turgan mahal telefon jiringlab qolsa deng.
Go`shakni ko`tarsam sobiq jo`ram – Qultoy quruqning tanish tovushi. U xuddi tanga topgan gadodek ovozi hayajonli eshitildi:
– O`rozjon, bormisan, jo`rajon! Tezda etib kel! Masala hal bo`ldi!
– Tinchlikmi,– dedim duduqlanib.– Ochiqroq gapir...
– Oyoqni qo`lga olib yugur!– Buyruqomuz ohangda bidirladi u.– Kelsang bilasan. Zo`r xushxabar bor.
– Qayga boray?
– “Otchopar”da birga ovqatlangan joyimiz yodingdami? Ha-a, xuddi o`sha oshxona yonginasida qurilayotgan tomga suyanib kutyapman seni...
– Tinchlikmi o`zi?– Qaytadan so`radim xushlamay.
– Xushxabar, dedim-ku!– Ovozida qandaydir viqor bor edi.– Bizning ko`chada ham bayram bo`lajak, desam ishonmaganding. Endi-i, kelmasang o`zingdan ko`r… Shu-u, qo`ldan chiqib ketsa, keyin mendan gina qilib yurma! Ishimiz bitgach, miriqi-ib kabobxo`rlik qilamiz!..
Ikki yil burun qarz berib yuborganimdan buyon ortidan yugurardim. Olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim, deganlaridek, qarz olgunicha aylanib-o`rgilishini ko`rsangiz edi. Niyatiga etgach, qorasini ko`rsatmay ketdi. Bir necha oydan beri telefon raqamini o`zgartirib qo`ygan. (Balki shu yo`l bilan jon saqlayotgandir?) Hozir sim qoqishi va gapi ohangidan: “ma, qarzingni ol!” degandek tuyuldi.
Ovqatga taklif qilyaptimi, demak, pul topgan! Qulog`igacha qarzga botgan odamning xushxabari boshqa nima bo`lishi mumkin? Xayriyat…
U ham katta orzular bilan kelgan. Tuppa-tuzik rassomchilikni tashlab, o`zini biznesga urdi. Omadi chopmadi. Savdoning savdolari ko`p ekan. Bozorning burgutlari uni “sindirishdi”...
Bunday payt, har kim boshiga tushgan qorni o`zi bartaraf etadi, deb tomoshabin bo`lib turarmidim? Bitta qishloqdan kelganimiz hurmati, deb hech narsani ayamadim. Biroq, u haddidan oshdi. Faqat o`zimdan olsa koshki, xotini xotinimdan, qizi qizimdan, o`g`li o`g`limdan qanchadir pul olib, oilaviy chuv tushurib ketgan...
Qaysidir yurtda shundoq maqol bor ekan: “qarz bersang ham pulingdan, ham do`stingdan ayrilasan”. Shu kungacha “qarzimni qaytib ololmayapman” deb yugurganlarning ko`pini ko`rdim, ammo “qarzini qaytarish harakatida yuribman” degan zotni uchratmadim...
Tag`in o`zimdan xafa bo`lib ketaman. Shunga shuncha ziqnalik qilishim shartmidi? Arzimagan qarzni deb... Bir hisobda yaxshigina arziydigan pul. Bir oylik maoshimni sanamasdan berib yuborgandim...
Bugun hammasini bitta qilib qaytarsa-ya!
Kotiba qizning hay-haylashiga qaramay jannatiy dasturxonni tashlab, ko`chaga otildim. Jo`ramning ta’biri bilan aytganda, oyoqni qo`lga olgancha “Otchopar” bozori tomon otdek chopdim.
Qultoy o`sha devorga suyanib kutayotgan ekan. Quchoq ochib qarshi olarkan, gapning po`stkallasini aytdi-qo`ydi:
– Manavi imorat bitsa, akang qarag`ayning do`koniga aylanadi! Qalay? Endi oshig`imiz olchi, deyaver!
– Zo`r,– dedim beixtiyor.– Modomiki, do`kon qurayotgan bo`lsang, ishing yurishgani rost ekan! Xushxabar, deyishga arzigulik gap! Faqat…
So`nggi so`zim ichimda qoldi. “Qarzimni qachon qaytarasan?” deyishdan tilimni tiydim. Axir, qarzingni qaytaraman, deb chaqirgan shekilli!..
– Xuddi shu gaping uchun ichamiz!– Nishonga urdi u qo`l tashlab.– Qani, dasturxonga marhamat qilsinlar.
Jo`ramning mamnun chehrasiga boqqach, so`zini erda qoldira olmadim. Avval naqdini ko`raylik. Bitta ziyofatdan quruq qolgan odam bunisini ham qo`ldan chiqarsa insofdan bo`lmas. Jo`ram ishora qilgan oshxona stoli atrofidagi bejirim stulga jimgina o`tirdim. Qultoyning bir ishorasi bilan do`mboqqina oyimcha dasturxonni to`ldirib tashlagach, tavoze bilan so`radi:
– Qanaqasidan ichasizlar?
– “Shirin” arog`idan!– Buyurdi jo`ram haqiqiy mezbonligini namoyish qilib.– Ikki kosa sho`rva, keyin kabob keltiring.
– Xo`p bo`ladi.
Do`mboqning ortidan g`alati qarash qilgan jo`ram o`zicha menga shunday izoh berdi:
– Yangi chiqqan aroqning “doza”si zo`r bo`ladi. Nomi “Shirin” bo`lsa-da achchiqqina savilning sarxush qilishini ko`rasan!
Odam ba’zan aroqqa ham “chanqab” qolar ekan. Ikkinchi “Shirin”ning “ro`moli echilayotgan” paytda xuddi suv ichgan daraxtdek yashnab o`tirardik.
Shu tobda oilamizni qiynayotgan muammo tilimga chiqdi:
– Xudo xohlasa, bugun qarzimizni qaytarib olarkanmiz-da, a?
– Shuni sotib olib, do`kon ochsam, qarzingni qaytarish ham gapmi, kerak bo`lsa, senga berib turaman,– dedi savolimga javoban Qultoy bitmagan binoga ishora qilib.– Buning uchun pul kerak. Yana qarz berib turmasang bo`lmaydi. Qizg`anma, jo`ra, tag`in ozroq ber, ish yurishib ketsa, hammasini bitta qilib olasan! Ko`p emas, ko`kida mingta bilan imorat bitarkan!– U g`alati o`qchidi.– Qizg`anmasang, haqiqiy do`kon bo`ladi. Savdogarlar tili bilan aytganda – oborotga pul kerak. Foydasidan qarzingni tiyinigacha qaytarmagan nomard! Kelishdikmi?– Kayfi oshgan Qultoyning ko`zlari qizarib, tili g`o`ldiray boshladi.– F-faqat k-k-ko`kidan… Q-qani q-qo`lni t-t-tashla-a! T-tirriqlik q-qilsang, q-qarzingni q-qaytarish amrimahol...
Beixtiyor sapchib turdim. Hushim boshimdan uchayozdi.
Tovushim o`zimga ham g`alati eshitildi:
– Iya, hali qarz ustiga yana qarz so`rash uchun chaqirganmiding? Surbet! Bu qanday bedodlik, a? Tag`in, o`zing bosh urib borish o`rniga to`ralardek chaqirishingga kuyaymi? Qanaqa xushxabar ekan, deb ishxonamdagi tadbirni (ziyofatni, deyishni ep ko`rmadim!) tashlab kepman-a?
Qultoy battar g`o`ldiradi:
– O`-o`lmasam q-qarzdan q-qutularman, do`kon yonga q-qolar, j-jo`rajon...
Alam alangasida beixtiyor yoqasidan tutdim. Shu on stol chetida turgan chinni lagan pastga qulab, chil-chil bo`ldi.
– Iy-y, bu nima q-qilganing?– Ko`zlari ola-kula bo`lgancha g`o`ldirardi u.– Urmoqchimisan? Ur, uraqol. Ishonmagin d-do`stingga, s-somon t-tiqar po`stingga, d-deganlari sh-shu ekan-da, a?
Bo`g`zimdan beixtiyor shunday so`zlar otilib chiqdi:
– Qarzimni qaytarib ber, nomard!
– N-nima? N-nomard, dedingmi? K-kim nomard? B-bu haqorating uchun j-javob b-berasan hali!..
Oyoqda zo`rg`a turgan bo`lsak-da stol osha yoqa bo`g`isha boshladik. Hamma narsa ostin-ustin bo`la boshlagach, oshxonadan oshpazlar otilib chiqishdi. Bittasi bilagimni omburdek qisgancha o`shqirdi:
– Xurmachangga sig`sa ich-da, og`ayni!
– Qo`yvoring,– dedim yulqinib.– Manavi ablaxga ko`rsatib qo`yaman!
– Mushtlashadigan joy quridimi senlarga?!– Bilaklari serjun erkak o`dag`ayladi.– Egan-ichganiylar pulini to`laylarda bo`ttan tuyoqlaringni shiqillatlaring!– Keyin u haligi do`mboqqa buyurdi.– Oliya, bular bilan hisob-kitob qil!
Do`mboq shuni kutib turgandek chiyilladi:
– Sindirganlari bilan qo`shib hisoblasak, ellik to`qqiz ming so`m...
Urushqoqlar ustiga nogoh devor qulay boshlasa ne hol yuz berishini tasavvur qilasizmi? Ikkisi darhol birlashib o`sha ofatni daf qilishga otlanadi. Xuddi shunday hozir hisob-kitob qilgan qizga qarata jo`ram ikkimiz jo`rovozda qichqirdik:
– Nima?!
Qultoy tag`in nimadir deb g`o`ldiradi.
Kaminaning kayfim uchib, o`zimcha e’tiroz bildirdim:
– Bizni kim deb o`ylayapsiz?
Qizning qoshlari chimirildi. Yonida devdek savlat to`kib turgan oshpaz og`alariga ishonib, o`zicha katta ketdi:
– Kimligingizni ko`rsatib turibsiz chog`i? Endi adi-badi qilmasdan pulni cho`zing!
Afti-angoridan xo`jayinligi ko`rinib turgan po`rimgina kishi dag`-dag`a qildi:
– Sanlar bilan pachakilashishga vaqtivuza yo`q. Qani, chaqqon-chaqqon to`laylar-da, daf bo`llaring! Bo`lmasa, melisa chaqiravuza.
Tamomila kayfim uchib, Qultoyga qaradim. Shu lahzada uning holati, aniqrog`i, qilig`ini ko`rib etim battar jimirladi. Voy, nomard-ey. Yonida turgan kishining elkasiga bosh qo`ygancha xurrak otyaptimi? Taqdiring qil ustida turganda bu nimasi?! Dunyoni suv bossa, to`pig`imga kelmaydi, degan qabilda parvoyi palak. Melisaning otini eshitgach, bir qimirlab qo`ydi. Sarxush ko`zlarini ochmasdan menga ishora qildi:
– Anavi z-zo`ravon t-to`lasin! U s-sindirdi chinni t-tovog`ingizni. Uv-v-v, quv-v-v, quv-v-v…
Suyab turgan kishi chap berib qolmaganida Qultoyning qusug`idan ust-boshi rasvo bo`lishi aniq edi. O`zini ilkis ortga olarkan, afti bujmaydi.
– Vey-y, hamma yoqni rasvo qildi-yu.– Burunchasini jiyirdi do`mboq qiz g`alati o`qchigancha.– Endi kim tozalaydi buni?
Ko`zlari chaqchaygan semiz oshpaz qo`lini men tomon bigiz qildi:
– Ana, o`rtog`i bor-ku. Tozalamay ko`rsin...
Tomoshatalab odamlar uymalasha boshladi.
Qaydadir ichki ishlar xodimining hushtagi churillagani eshitildi.
Xudo urdi, dedim ichimda. Tirnoqlab yiqqan obro`yim panshaxalab sochilmasa bo`lgani... He, qarzi boshida qolsin...
– Ularga ishing tushsa momongni ko`rasan,– dedi tovush kelgan tomon ishora qilib semiz oshpaz bilagimdan tutgancha.– Bo`yinbog`ingga qaraganda tuzikroq joyda ishlaydiganga o`xshaysa. Hozir bir ishora qilsam, tamom...
Bu kasofatdan qutulishning birdan-bir yo`li tezda hisob-kitob qilib, juftakni rostlash. Xudoga shukrki, maosh olgandim. Mingtalik bir dasta pulni chiqarganim hamono Qultoyning xirillagan tovushi eshitildi:
– Ko`rdiylarmi bu boyvachchani? Pul q-quturtirgan uni! Tag`in uyalmay q-qarz b-ber, deydimi-ey…
Bozorchi xotinlardan biri luqma tashladi:
– Ko`rinishidan tuppa-tuzik odam desak g`irt... ekan-ku.
Uning gapini sochlari pattaygan xotin ilib ketdi:
– Hamma g`irt...lik shunaqalardan chiqadi-da.
– Ustamonligini qarang, bir bechorani ichkizib-ichkizib, keyin qarz so`rabdi-ya...
– Shuytib shilib ketmoqchi bo`lgandir-da...
– Bashsharang qurg`ur...
Sochi menikidan ham kaltaroq erkakshoda xotinning o`zicha so`z o`yini qilib aytgan dag`al gapi hammasidan oshib tushdi:
– Bo`yinbog`i uzun, aqli kalta ekan, va-xa-xa-xa...
Betayin adi-badilardan esankirab qoldim.
Toqati toq bo`lgan oshpaz qo`limdan pulni yulqib oldi-da, haligi qizga uzatdi. Do`mboq qizi tushmagur sanamay sakkiz deydiganlar xilidan ekan. Pulning cho`g`ini ko`riboq oq xalatining katta cho`ntagiga tiqdi. Shu tariqa hamma pullar “aralashib” ketdi. Nega sanamadingiz, deyishga ulgurolmay qoldim. O`sha qizning ko`ngli joyiga tushgani ko`zlaridan ayon bilinardi.
– Uzr,– dedim oshpazning qo`lidan bilagimni bo`shatib.– Bizdan o`tdi...
Murosai madora uchun aytgan gapim unga boshqacha ta’sir qildi. Ortga qarab, kimgadir buyurdi:
– Chelakda suv keltiringlar, o`zlariga yuvdiramiz...
Shu tobda ishlar chuvalashib ketmasligi uchun bundan battar yumushga ham tayyor edim. Ko`nglim ming aynisa-da Qultoyning og`zidan favvoradek otilgan badbo`y narsalarni tozalay boshladim... Beixtiyor ko`nglim aynib, o`zim ham qayd qilib yubordim… Eganlarim burnimdan buloq bo`ldi…
Tomoshatalablar orasida paydo bo`lgan ichki ishlar bo`limi xodimi esa xatti-harakatlarimni kuzatib turdi-da sekingina dashnom bergan bo`ldi:
– Ko`rinishingizdan tuppa-tuzik odamga o`xshaysiz. Uyat emasmi? Boshqa bunaqa qilmang. O`rtog`ingizni hoziroq uyiga eltib qo`ying. Bizdan yordam kerakmi?
O`zimga qolsa, shu qilig`i uchun uni nazoratchining qo`liga jon-jon deb topshirib yuborardim. Yaramasdan qutulganimga hatto shukrona aytardim. Biroq, ko`zlari olachalpoq bu go`rso`xta kimga kerak? “Uyiga eltib qo`ying” deb aslida nazoratchi ham o`zidan soqit qildi, shekilli.
– Bo`pti,– dedim itoatkorona tovushda.– Kerak bo`lsa, elkamda ko`tarib ketaman uni…
Ko`rinishidan qiltiriqqina Qultoy ichganida zildek og`irlasharkan. Uni bekatgacha bazo`r ko`tarib keldim. Bu holatda avtobusga chiqishga yuzim chidamay, taksi yolladim. Metroga yaqin bekatda tusharkanmiz, kira haqi necha so`m bo`lishini so`radim.
– Qancha dedingiz?– Yaxshi eshitmay mashina eshigi oynasidan qayta mo`raladim.– Uch ming so`m?! Atigi bir chaqirimga-ya?!
– Ja-a boyvachchaga o`xshab gapirgandiyiz-ku?– Iddao qildi haydovchi.– Bo`lmasa, avtobusga chiqing edi...
Shunda o`ziga kela boshlagan Qultoy burnini tiqdi:
– Boyvachchaligini to`g`ri topdingiz! Jo`ram unaqa past ketadiganlardan emas, bildiyizmi? Hozir berolmasa, marhamat, ertaga ishxonasiga boring. Kerak bo`lsa, ikki barobar qilib to`lashdan ham qochmaydi. Katta joyda ishlaganidan keyin, o`ziyiz bilasiz. Ish telefoni…
– O`chir,– dedim kaftimni uning og`ziga “qopqoq” qilib.– Sendan birov so`rayaptimi? Og`zingni yum, deyman! Qanaqa odamsan o`zi?!
Shunda Qultoy go`yo eng olijanob odamga aylanib qolsa, deng. Menga shunday pand-nasihat qildi:
– Sumbatu salobatingga yarasha ish qil, og`ayni. Taksichini nega mahtal qilasan? Bu kishim ham xizmat qilsin, ham baloga qolsinmi?
Tishimni tishimga qo`ygancha cho`ntagimda borini chiqarib berdim. Qo`li pulni tutganidayoq mo`ljalni to`g`ri olishga o`rganib qolgan shekilli, u ham boyagi do`mboq qizga o`xshab sanamasdan cho`ntagiga urdi. Xuddi, sadqai odam ket-e, degandek g`alati qarab qo`ygancha mashinaning gazini bosdi.
Bekatda yolg`iz qolgach, Qultoyning ikkala elkasidan mahkam tutgancha o`zimga qaratdim. Gap bilan boplasam bo`lardi. Aksiga olib biror jo`yali gap topolmay qoldim. Baqrayib turgan ko`zlariga boqqancha bazo`r iddao qildim:
– “Xushxabaring” shumidi?
Men bog`dan kelsam, yaramas tog`dan kelsa bo`ladimi? Gapini qarang:
– Hm, do`kon sotib olayotganimni ko`rolmayapsanmi?
Tomdan tarasha tushgandek aytilgan shu gapga yarasha javob qaytarishim uchun Qultoydek pastkash va ablax bo`lishim kerak edi. O`zimni bosgancha jo`ngina savol berdim:
– Qaysi pulingga olmoqchisan?!
– Qarzga!
– Avval boshqa qarzlaringni qaytar,– dedim iltijoli ohangda.– Qarz ustiga yana qarz olishga qandoq yuzing chidaydi?
– Sen chidamasang, mana men chidayman,– dedi go`yo u qarz berayotgandek.– Qarz olishni ham, berishni ham chidaganga chiqargan! He, qarz berganlarni ham enasini...
– Og`zingga qarab gapir!– Tutoqib ketdim shu on.– Nega endi seni odam deb qarz berganlarni haqoratlaysan? Axir, qarzni o`zing olgansan-ku!
– Bo`lmasa, so`raganda ber-da!– Osmondan kelib o`shqirdi xuddi men aybdordek.– Aytdim -ku, yana bersang, ishim yurishardi, do`konli bo`lardim, keyin hammasini bitta qip qaytarardim. Nima balo, g`alchamisan?!
Shu gapi uchun basharasiga qulochkashlab tushurishning iloji bo`lsa koshki edi! O`zimni zo`rg`a bosdim. Og`zidan hamon badbo`y hid anqiyotgan Qultoy bilan adi-badi aytishish befoydaligini anglab, ortga burildim. Erosti yo`li zinalaridan yugurib metroga tushdim. Eh, jetonga ham pul qolmabdi-ku. Endi nima qildim?
Ortimdan soyadek ergashib kelgan SOBIQ jo`ram holimni tushundi, shekilli, g`alati ishshaydi.
– Hm,– dedi ustimdan kulayotganini yashira olmay,– bitta jetonga ham qurbing etmay qoldimi? Kim aytadi seni bo`yinbog` taqib yuradigan odam, deb? Ob-bo, qurumsog`-e.– U cho`ntagini kavlay-kavlay bitta jeton chiqardi-da ko`z-ko`z qildi.– Xayriyat, senchalik mirquruq emasligimni ko`rdingmi!
– Nima demoqchisan?
– Men quruq gap aytmayman,– dedi u o`zini mag`rur ko`rsatib.– Mayizni ham teng bo`lib eyman. Ming qilsayam hamqishloqmiz. Yarim yo`lda tashlab ketadigan nomardlardan emasman. Bundoq qilamiz; men jetonni tashlagan hamono ortimdan izma-iz o`tib ol. Nurning yo`li to`sib turilsa, yigirma kishi o`tib ketsayam bo`laverarkan! Kelining ikkimiz metroga doim bitta jeton bilan o`tib ketamiz. Nazoratchining ko`zini shamg`alat qila olsak, marra bizniki!
Shu on bo`g`zimdan otilib chiqayotgan hayqiriqni to`xtata olmadim:
– Yo`qo-o-ol, yaramas!
Xuddi shuni kutib turgandek sobiq jo`ram er qa’riga singib ketdi…
"+" от:
 




Powered by vBulletin® Version 3.8.5
Copyright ©2000 - 2025, Jelsoft Enterprises Ltd. Перевод: zCarot
Advertisement System V2.5 By Branden
OOO «Единый интегратор UZINFOCOM»


Новые 24 часа Кто на форуме Новички Поиск Кабинет Все прочитано Вверх