Nigora Umarova |
04.12.2009 12:03 |
Цитата:
Internetdan foydalanish madaniyati
Bugun dunyoning bir nuqtasida sodir bo‘lgan voqea, yangilik xususida yetarli axborot olishimiz uchun atigi bir necha soniya kifoya. Monitor qarshisida sichqonchasimon moslamani boshqarib, istalgan mavzuda istalgan axborotni olish mumkin. Internet bir necha o‘n yil ichida global tarmoqqa aylanib, nainki axborotlashgan jamiyatni yuzaga keltirdi, balki jahonda globallashuv jarayonining tezlashishida ham muhim omil bo‘ldi.
Internet – insoniyat tafakkuri mahsuli. Ish stolimizda turgan kompyuterga shunchaki elektron qurilma sifatida qaray olmaymiz. Internet axborot olish, almashish va uzatishning eng samarali, qulay vositasidir. Uning multimediya (tasvir, ovoz, matn) xizmati va boshqa qator qulayliklari insoniyatni virtual olamga ohanrabodek tortmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning sentabr oyida dunyo bo‘yicha internetdan foydalanuvchilar salkam 1 milliard 734 million nafarga yetgan. Vaholanki, 2000 yilda global tarmoqdan 361 millionga yaqin odam foydalangan. Yana to‘qqiz-o‘n yildan keyin bu raqamlar yana necha million nafarga ortishini tasavvur qilish qiyin emas. Chunki taraqqiyot misli ko‘rilmagan shitob bilan ilgarilamoqda.
Lekin masalaning ikkinchi, g‘oyat e’tibortalab jihati ham bor. Ba’zi mamlakatlarda virtual olamga g‘arq bo‘lish oqibatida o‘zining yoxud o‘zgalarning joniga qasd qilish odatiy holga aylanayotgani ham sir emas. Yoki qator davlatlarda real hayotni virtual hayotga almashtirgan, ruhiy nosog‘lom bemorlarni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalar tashkil etilayotganini ham hech kim inkor etolmaydi.
Kompyuter xizmatlaridan foydalanish uchun vaqtini ham, pulini ham, alaloqibat salomatligini ham ayamaydiganlar safi tobora kengayib bormoqda. Bolg‘a bilan uy qurish ham, boshni yorish ham mumkin. Bugun yoshlarimizning, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarning internetdan foydalanishini shu ikki holatning qay biriga qiyoslash to‘g‘ri bo‘ladi?
– O‘g‘lim kompyuter olib bering, dedi. Olib berdik. Internetga ulanaylik, dedi. Bu istagini ham bajardik, – deydi G.Bobobekova. – Haddan tashqari sersavol, hamma narsaga qiziquvchan o‘g‘lim asta-sekin o‘zgara boshladi. Maktabdan keliboq kompyuterga yopishar, undan soatlab ajralmas edi. Avvaliga xursand bo‘ldim, ko‘cha-ko‘yda tentirab yurganidan ko‘ra, darslardan so‘ng uyda, ko‘z o‘ngimda o‘tirishidan xotirjam tortdim. O‘g‘limning harakatlarini kuzata boshladim. Undagi ruhiy o‘zgarishni o‘smirlik davriga xos, deb bo‘lmasdi. Odamovi, loqayd, yolg‘izlikni xush ko‘radigan, xudbin va takabbur bo‘lib qolayotgandek tuyuldi. Bir kuni kompyuterida dahshatli filmni tomosha qilib o‘tirganini ko‘rib qoldim. Odatda bunaqa disklarni uyga keltirmasdim. Keyin bilsam, internetdan izlab topibdi…
Taassufki, so‘nggi paytlarda ko‘ngilni g‘ash qiladigan bunday holatlar ko‘p kuzatilmoqda. Buni psixologlar qanday izohlaydi?
Azamat Nazarov, psixolog:
– Bugun internetdan foydalanuvchilarni shartli ravishda ikki toifaga ajratish mumkin. Birinchi toifadagilar kasbi talabidan kelib chiqqan holda yoki ilmiy tadqiqotlari uchun zarur ma’lumot va axborot olish maqsadida internetga murojaat qilayotganlar bo‘lsa, ikkinchi toifadagilar shunchaki qiziqishiga ko‘ra, deylik, pornografik, tanishuv saytlariga kirib yoki on-layn o‘yinlari bilan kun o‘tkazish kayfiyatida bo‘lganlardir.
Virtual olam insonni manipulatsiya qilmoqda. Manipulatsiya – bu fikriy qaramlik orqali o‘ziga bo‘ysundirish demakdir. Hozir bolalar yoki o‘smirlarning internet-kafeni “ikkinchi uyi”ga aylantirib olayotgani sir emas. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, on-layn o‘yinlarini o‘ynovchilar ham asosan o‘smirlardir. O‘smirlik shaxsning fiziologik va ijtimoiy rivojlanishidagi o‘ziga xos davr hisoblanadi. Agar shu davrda o‘g‘il yoki qiz agressiv ruhdagi on-layn o‘yinlariga berilsa, bu noxush oqibatlarga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.
Virtual olamda insonning vaqtni idrok qilish tizimi buziladi, ijtimoiy faolligi kamayadi. Kompyuter qarshisida vaqt o‘tganini sezmay qolishning boisi ham shunda. Virtual vositalarning salbiy ta’siri ma’naviy-axloqiy tanazzul bilan chegaralanib qolmay, insonning immun tizimini susaytirmoqda, umurtqa pog‘onasi va ko‘z kasalliklarini keltirib chiqarmoqda.
Nargiza Xalilova, Toshkent davlat pedagogika universiteti psixologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi:
– Bundan besh-o‘n yil oldin uylar atrofidagi o‘yin maydonchalari bolalar bilan gavjum bo‘lar edi. Hozir esa bolalarni ko‘proq har qadamda uchraydigan internet-kafelarda uchratasiz. Bolalar harakatli o‘yinlardan ko‘ra kompyuter o‘yinlariga qiziqmoqda. Albatta, farzandlarimizning zamonaviy axborot texnologiyalariga doir bilim va ko‘nikmalari erta shakllanib borayotgani quvonarli. Ammo bu ma’lum bir yo‘qotishlarga sabab bo‘layotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Biz talabalik chog‘imizda kutubxonalarda kitob izlash bilan vaqtimiz o‘tar edi. Bugungi talaba esa istagan adabiyotining elektron nusxasini internetdan topa oladi, ortiqcha vaqt va mehnat sarflamaydi. Bu tahsinga loyiq.
Psixolog sifatida talabalarimni kuzatib, shunday xulosaga keldimki, internet shaxsda fikriy rivojlanishni, mushohada, tahlil qilish qobiliyatini, izlanuvchanlikni va xotirani susaytiradi. Biz va bizdan oldingi avlod vakillari Navoiyning, Fuzuliyning yuzlab satrlarini yod bilgan. Hozir esa to‘rt qator satrni xotirasida saqlab qololmaydigan va shaxsiy kompyuterining xotirasiga suyanib qolgan, usiz umuman fikrlay olmaydigan yoshlar oz emas. Kompyuter, xususan, internet farzandlarimizni o‘ylamay, fikrlamay yashashga o‘rgatmayaptimikan, deya xavotirga tushasan kishi…
Umumiy psixologiya fanidan yaratilgan elektron darslikni talabalarga tavsiya qildim. Mazkur darslikka ma’ruzalar matni, laboratoriya topshiriqlari va psixologik testlar bilan birga dam olish uchun mo‘ljallangan intellektual o‘yinlar ham kiritilgan edi. Bir haftadan so‘ng talabalarning darslik haqidagi fikrlarini so‘radim. Afsuski, ko‘plab talabalardan “O‘yinlari zo‘r ekan… ”, “Anovi o‘yinda o‘ninchi turdan chiqib ketish yo‘li qanday?” degan so‘zlarni eshitdim, xolos. Bu aksariyat yoshlarimizning internetga axborot manbai sifatida emas, ko‘proq dam olish vositasi sifatida qarayotganidan dalolatdir. Yulduzlar hayoti, kino olami, tanishuv, pornografiyaga oid saytlar, mohiyati zo‘ravonlikka, tajovuzkorlikka asoslangan o‘yinlar hali shaxs sifatida shakllanib ulgurmagan bolalarimizni, yoshlarimizni virtual olam domiga tortib ketayotganiga qo‘l qovushtirib qarab turmasligimiz lozim.
Shu o‘rinda internet jodusidan qanday himoyalanmoq kerak, degan savol tug‘iladi.
Azamat Nazarov, psixolog:
– Ilmiy saytga kirib, kerakli manbani o‘qib turgan paytingizda asosan tanishuv yoki pornografik saytlar reklamasi ekranda paydo bo‘ladi. Ruhiy boshqarish quvvatiga ega bu reklamalarga e’tibor qaratish, ortiqcha informatsiyalar ortidan quvish inson resurslarini behuda sarflash demakdir. Ayrim kompyuter o‘yinlari inson ruhiyatida sadizmga moyillikni uyg‘otadi. Bularning oldini olish uchun bolalarni, yoshlarni internetdan chetlashtirib qo‘ya olmaymiz, albatta. Bu davr talabi, zamondan orqada qolib bo‘lmaydi. Eng to‘g‘ri yo‘l, nazarimda, farzandlarimizga virtual olamda nima yaxshi-yu, nima yomonligini o‘rgatishimiz, ularda internetdan foydalanish madaniyatini shakllantirishimiz kerak. Bunda asosiy mas’uliyat ota-ona, o‘qituvchi-pedagoglar zimmasiga tushadi.
Ha, bugun internet imkoniyatlarini, uning foydali jihatlarini hech kim inkor etolmaydi. Faqat undan foydalanish madaniyatini shakllantirmoq, bolalarni unga o‘rgatmoq zarur. Binobarin, yoshlarimizning ruhiy-ma’naviy olamini zararli unsurlardan himoya qilish orqali taraqqiyot poydevori yaratiladi. Ma’naviy barkamollik esa jamiyat taraqqiyotining muhim omilidir.
O‘zA, Farida Mahkamova
|
|