uForum.uz

uForum.uz (https://uforum.uz/index.php)
-   Ижод хусусида сўз (https://uforum.uz/forumdisplay.php?f=463)
-   -   Bahru-bayt (https://uforum.uz/showthread.php?t=4507)

Nigora Umarova 31.03.2008 17:06

Men shunchaki o’ylagim kelmas,
Xayol-sharob misol qilsin sarxush, mast.
Men shunchaki kuylagim kelmas,
Ovoz pardalarim chidab bersa bas.

Qo’lingga tusharkan jajji chaqaloq,
Shunchaki sevmoqda qanday lazzat bor.
Kerak chinqirtirib o’pib, tishlamoq,
Biz ham go’daklikda topganmiz ozor.

Shunchaki sevilmoq-baxti qoralik,
To’la tole uchun bu kemtik, bu kam.
Mening qalbim shunday sevgiga molik,
Bir charsillab yonay, so’ngra so’nsam ham.

Ohangga shunchaki solmasdan quloq,
Tarjima qilib yoz sim sadolarin.
Axir buloqmasmish tog’dagi buloq,
Ko’z yoshlarimish u ishq gadolarin.

Shunchaki kulmoq ham istehzodek gap,
Birdan qah-qah uray, cho’chib ketsinlar.
Boshlariga osmon tushganday qulab,
G’aflat bandalari yoqa tutsinlar.

Shunchaki yig’lash ham yarashmas bizga,
Uni eplar faqat yuragi toshlar.
Shunday yig’lay, hojat qolmasdan so’zga,
Qurg’oq ko’zlardan ham to’kilsin yoshlar.

Shunchaki yozmoqchi, ko’ngil to’lmaydi,
Shunchaki yozmoqqa bormaydi qo’lim.
Shunchaki yozganga chidab bo’lmaydi.
Shunchaki yozmoq bu – shoirga o’lim.

Halima Xudoyberdiyeva

G'ayratBEK 31.03.2008 17:07

...
Mendan nima qolar:
Ikki misra she’r,
Ikki sandiq kitob,
Bir uyum tuproq.
Odamlar ortimdan
Nima desa der,
Men seni o`ylayman
O`zimdan ko`proq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!


Men ketsam, yomondan
Yiroq bo`l, ohu,
Chunki sen chiroyli,
Ko`rkli bir juvon.
Yomon kunlar bir kun
Yaxshi bo`lar-u,
Yomon odam yaxshi
Bo`lmas hech qachon…
Yasha chegarada
Turgandek ogoh,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!
...
Muhammad Yusuf,
"Lolaqizg'aldoq" she'ridan parcha

Nigora Umarova 31.03.2008 17:13

Qirq bitta chirog’im, yonib – yonmadi,
Bahorni haydadim umidvor kuzdan.
Siz menga intilib – izlab yurganda,
Balki sezmay o’tdim yonginangizdan.
Ko’zlaringiz rangi kirar tushimga,
Sizni topaman deb yashadim tanho.
Yo’qlikning ortidan siz kelar yo’lga
Dilimni vujuddan ayladim judo.
Sizga asrab qo’ygan o’nta gulimni
Qaylargadir boshlab ketdimi xazon.
Sizni ko’rmay turib, sizdan ayrilsam
Menga alam qiladi yomon.
Balki xazonligim yoqmaydi sizga,
Menga sezdirmayin boqyapsiz karaxt.
Mening baxtli bo’lgim kelayapti juda.
Ayting, siz meniki bo’lmaysizmi, baxt?!

Halima Ahmedova

olimbek 31.03.2008 18:19

Tарихингдир минг асрлар ичра пинҳон ўзбегим,
Сенга тенгдош Помуру оқсоч Тиёншон ўзбегим.
Суйласин Афросиёбу, сўйласин Урхун хати,
Кўҳна тарих шодасида битта маржон ўзбегим.

Менга Пушкин бир жаҳону,
менга Байрон бир жаҳон.
Лек Навоийдек бобом бор,
Кўксим осмон ўзбегим.
Э.Воҳидов

Komil Eriev 01.04.2008 08:50

Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Qovrilmay g'ashlik alangasida,
Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Nafasimni rostlay ko'lankasida.

Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Qushlar ovoziga quloq solayin.
Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Xayol og'ushida orom olayin.

Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Shu kungacha o'zni men cheklab bo'ldim.
Majnuntol tagiga o'tqazing meni,
Men uchun yig'lasin men yig'lab bo'ldim.

Mirtemir,
"Betobligimda" she'ri

Nigora Umarova 01.04.2008 09:13

Men ilon og’zidan shakkar talabman;
O’rgumchak og’zidan men par talabman.
Erkak sher ko’ksidan sut talab qilsam,
Oyoq yalanglardan siym-zar talabman.

Zebunisobegim

Komil Eriev 01.04.2008 09:27

Nafis chayqladi bir tup na'matak
Yuksakda, shamolning belanchagida,
Quyoshga ko'tarib bir savat oq gul,
Viqor-la o'shshaygan qoya labida,
Nafis chayqaladi bir tup na'matak...

Mayin raqsiga hech qoniqmas ko'ngil,
Vahshiy toshlarga ham u berar fusun.
So'nmaydi yuzida yorqin tabassum,
Yanoqlarni tutib oltin bo'sa-chun
Quyoshga tutadi bir savat oq gul!

Poyida yig'laydi kumush qor yum-yum...
Nafis chayqaladi bir tup na'matak...
Shamol injularini separ chashmadak,
Boshida bir savat oq yulduz-chechak,
Nozik salomlari naqadar ma'sum.

Tog'lar havosining feruzasidan
Mayin tovlanadi butun niholi,
Vahshiy qoyalarning ajib ijodi:
Yuksakda raqs etar bir tup na'matak,
Quyoshga bir savat gul tutib xursand!

Oybek,
"Na'matak" she'ri

Masud Mahsudov 01.04.2008 09:36

Дард - кўнглим тарк этмас хазин тарона,
У менга тутқазди қоғозу қалам.
Дардсизлик бўлмаган менга ҳамхона,
Дардим кўплигидан қилмайман алам.

Алам - бедор тунлар битилган ашъор,
Алам - ишқ куйида чекилган азоб.
У - наво битмасдан синиб қолган тор,
У - махзун кунлардан аччиқ изтироб.

Изтироб - туйғулар нурсиз хонаси,
У сабаб яшаймиз, тирикдир шу жон.
У севгим биринчи очган шонаси,
Ҳам билак томирда уриб турган қон.

Муҳаббат - юракка яширилган сир,
Ҳаётга гинам у, кўкларга додим.
Муҳаббат - илинжим умрим бўйи бир,
Ҳам дардим, ҳам алам, ҳам изтиробим!


2006 yil...

Nigora Umarova 01.04.2008 09:46

Mening sochim qaro edi, qarolarga boylandilar,
Adolarga, sazolarga, jazolarga boylandilar.

Yetti osmon, yetti iqlim, yetti qabat zamin aro,
Maloiklar, farishtalar, sabolarga aylandilar.

Tilimning bolimi yoki yuzimning xolimi yoxud,
Bu ikki xol ila boshim balolarga boylandilar.

Hamma istar bu ochunda, faqat bir yor, faqat bir yor,
Hamma “Yorman!” dedi, ammo, xatolarga boylandilar.

Senga jonni qilib qurbon Farid Afro’z qilur faryod,
Jism xoku bu xayli dun matolarga boylandilar
Farida Afro'z

Sobir Davlatov 01.04.2008 10:36

Bu dunyoda orzu qilish soatlari bor -
Ayniqsa,tunda, yulduzlar ostida,
Yam-yashil sayxonlikda,o'tlar ustida
Hayratni quchoqlab yotganda.

Bu dunyoda azoblanish soatlari bor -
Ayniqsa,tunda, yulduzlar ostida,
Yam-yashil sayxonlikda,o'tlar ustida
Hasratni quchoqlab yotganda.

Bu dunyoda sevish,sevilish soatlari bor -
Ayniqsa,tunda, yulduzlar ostida,
Yam-yashil sayxonlikda,o'tlar ustida
Xayolni quchoqlab yotganda,
Hayotni quchoqlab yotganda,
Ayolni quchoqlab yotganda...

Hurshid Davron


Текущее время: 17:02. Часовой пояс GMT +5.

Powered by vBulletin® Version 3.8.5
Copyright ©2000 - 2025, Jelsoft Enterprises Ltd. Перевод: zCarot
OOO «Единый интегратор UZINFOCOM»