Nigora Umarova |
05.06.2008 17:52 |
"Xalq so'zi" (2008-yil, 4-iyun)gazetasida quyidagi maqolani o'qib qoldim. Ko'tarib chiqilgan mavzuga xos ekan:
Sotka ko'targan bolakay
Bir kuni to'ydan qaytayotgandik, yon qo'shnim Bektemir aka imlab qoldi.
-Uka , vaqtingiz bormi? - dedi u. - Shu kenja o'g'lingiozning oshnasi holi-jonimga qo'ymaydi. "Sotka obering", deb quloq-miyamni ezib yubordi. Men bu "jonivor" sotkani uncha tushunmayman. O'g'lim "xotiras"si, "fleshka"si, "bluts"i, keyin har xil o'yinlar, yana "MP 3" i ham bor telefonni topib kelishimni so'ragan. To'g'risi, bular nima ekanligini bilmayman. "Sotka" sotuvchi bolalar ustimdan kulib yurmasin. Birgalikda xarid qilsak.
Yashirmayman, bu gapdan ensam qotdi. Ammo qo'shnichilik, bu yog'i Bektemir aka yaxshi odam, sodda, samimiy. Amal-taqal qilib, so'rab-surishtirib, sotuvchining ta'rifiga ko'ra "dahshat" sotka olindi. Ikkalamiz xaridimizdan mamnun holda bekat yonida picha gurunglashdik. Shu payt bir bolakay, yoshi nari borsa, 9-10 atrofida, o'ziga -o'zi baqirib, qo'llarini havoga niqtab, asabiy holatda gapirayotganligining guvohi bo'lib, hang-mang bo'lib qoldik. Bektemir aka menga qaraydi, men unga. "Sho'rlik bola, mazasi yo'q shekilli,"- pichirladi sherigim. Ochig'i, nima deyishimni bilmadim. Men ham shu fikrda edim.
Ertasimi-indinimi, 11 yoshni urib, allaqachon o'zini yigitchaday his etib qolgan kenjatoyim menga "Ota-onalar majlisiga borarkansiz"deb qoldi. Bordim . O'qituvchi qiz yoshgina, ko'zlari chaqnab o'quvchilarning muvaffaqiyatlari, kamchiliklariga alohida to'xtalib o'tdi. E'tiborimizni ular bilan ko'proq suhbatlashishga, o'qishi, yurish-turishi bilan qiziqib turishimizga qaratdi. Uning o'z ishini puxta bilishidan, bolalarning sevimli murabbiysiga aylanganidan quvondim. Oxirida o'qituvchi "sotka" masalasini ham tilga oldi.
- Hozir axborot asri. Zamonaviy texnologiyalar davri. Qolaversa, hayotimiz kundan kunga farovonlashib borayapti. Tabiiyki, bolalarimiz uchun hamma narsani muhayyo qilgimiz keladi. Lekin hali tafakkuri, ichki dunyosi endigina shakllanayotgan bolalaringizga qo'l telefoni olib berishingiz shartmi? Axir, murg'ak bolalar uni aloqa vositasi emas, ko'proq o'yinchoq sifatida qabul qilishadi. Xafa bo'lmanglar-u, qo'l telefonini bola aqlini tanib, mas'uliyatni his eta boshlagach olib bergan ma'qulroq, nazarimda...
Ota-onalardan kimdir o'qituvchining mulohazasiga qo'shildi, kimdir "O'qituvchi zamondan orqada qolib ketibdi" deya istehzoli kuldi. Qay biri "Bu majlisda ko'taradigan masala emas", deb yuzini tirishtirdi.
- Bir qaraganda, haqiqatan ham, bu jiddiy masala emasday,- deydi biz bilan suhbatda Sog'liqni saqlash vazirligining bosh nevropatologi Baxtiyor G'afurov.- Ammo u hayotimizga tobora chuqurroq kirib bormoqda. Mobil aloqa- bu tezkorlik degani, ishni tashkil qilishda tezkor va qulay vosita. Binobarin, bolalariga qo'l telefoni olib bergan ota-onalar bir qator xotirjam bo'lishlarini ham unutmaslik zarur. Qo'l telefoni tufayli farzandlardan ko'proq boxabar bo'lish, nazoratda tutib turish mumkin. Tabiiyki, mobil aloqani kattalar ham, bolalar ham suiste'mol qilmasliklari lozim. Aks holda, u muammolarni keltirib chiqaradi. Xususan, undan ortiqcha foydalanganda bosh og'rishi, bosh aylanishi kuzatiladi. Yosh bolalarda esa asab tizimi birikmalarida salbiy o'zgarishlar yuz berishi mumkin. Umuman, yosh bolalarda mobil aloqa madaniyatini shakllantirishning payti keldi.
- Har yigirma yilda butun jahonda ommaviy texnologik ishtiyoq paydo bo'ladi va bir-ikki avlodning e'tiborini o'ziga tortadi, maftun etadi., - deydi Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi boshlig'ining o'rinbosari Humoyun Akbarov. - Bundan yigirma yil oldin ommalashgan "video" ishqibozligini eslang. Xuddi, shuningdek, hozir yer yuzida qo'l telefoniga kuchli ishqibozlik jarayoni kechmoqda.. Ertaga nevaralarimiz mutlaqo boshqa texnologik yangilikka ko'ngil qo'yishlari mumkin. Bu- tabiiy taraqqiyot jarayoni. Undan orqada qolish dunyodan orqada qolish bilan barobardir. Shu ma'noda, bizning yoshlar bu sohada ishtiyoq bilan olg'a qadam tashlashlari tabiiy bir holdir. Lekin texnologik ishqibozlikning musbat va manfiy tomonlari mavjud. Xususan, uning amaliy ustivorligi hamda noo'rin qo'llanilishi bir-biridan keskin farqlanadi. Agar o'rta ta'lim nuqtai nazaridan bu hodisani baholasak, maktabning bitiruvchi sinf o'quvchilari, kollej-litsey o'quvchilari undan nafaqat aloqa vositasi sifatida, balki ishchan dastyor sifatida foydalanayotganliklari ijobiy hodisa. Hozirgi zamonaviy qo'l telefonlarida kalkulyatordan tashqari, internet tarmog'iga ulanish va boshqa axboriy dasturlarga kirish imkoniyatlari bor. Bir tomondan, bu vaqtni tejaydi, zamon ruhiga yarasha faoliyat olib borishni ta'minlaydi. shu bilan birga, u o'quvchining asosiy vazifasi- mukammal bilim olishdan ozmi-ko'pmi chalg'itadi. Men bu o'rinda barcha yoshdagi o'quvchilarni nazarda tutyapman. Bolakaylarga kelsak, ularni qo'l telefoni bilan siylash, erkalashdan boshqa narsa emas. Zero, haddan tashqari ko'p axborotni o'zlashtirish taqozo etadigan davrda yashayapmiz. Hali aqlini tanimagan, suyagi qotmagan kichkintoylarni mobil aloqa qiynab qo'yadi, charchatadi. Bundan tashqari, "sotka"ichidagi o'yinlarga e'tibor berganmisiz? Aksariyati fazoviy va aql bovar qilmas afsonaviy janglar, urushlar asosiga qurilgan. Endi ayting, 7 yashar bolaga bu ruhdagi o'yinlar qanday ta'sir ko'rsatadi?..
Aslida biz ota-onalar uchun qo'l telefoni bugungi kunda juda muhim, maishiy turmushimizning ajralmas bir qismiga aylanib ketganki, u bizga naqadar beminnat xizmat qilsa, jajji bolajonlarimizga ham shu qadar xizmat qiladi, deb o'ylaymiz.Biz undan huda-behuda emas, ish yuzasidan, o'zaro aloqaning tezkor vositasi sifatida foydalanamiz. "Bolajonlarimiz ham shu tariqa, zarurat tug'ilganda ishlatishadi, loaqal, biz ulardan xabardor bo'lib turamiz" degan fikrda o'zimizni ovutamiz.
Mobil aloqa nima va u nima uchun kerakligini bolalarimiz tushunishadimi? Ha tushunishadi. Undan foydalanishni bilishadimi? Ha, bilishadi. Biroq tiyilishni,, me'yorni bilishmaydi. Ularga bu haqda uqtirilgandayam amal qilishmaydi. Sababi oddiy. Bola, bolada, o'yinchoq eskirib, titilib ketmaguncha qo'lidan qo'ygisi kelmaydi. Mukkasidan ketib, astoyidil berilib o'ynayveradi...
Xosh, bu masalaga qanday yechim topmoq kerak?! 7 yoshdan 11 yoshgacha bolakaylarga qo'l telefonidan foydalanishni man qilish lozimmi? Yo'q. U holda biz bolalarimiz huquqini cheklagan, ularga ozor yetkazgan bo'lamiz.
"Sotka" ko'tarib yurayotgan bolalarimizga undan foydalanish madaniyatini o'rgatishimiz lozim.
Bir-ikki kun burun Bektemir akani yana uchratib qoldim. Aka yakkayu yolg'iz o'g'lini ko'chaning o'rtasida qulog'iga tugmachasini qo'yib "sotka"dan musiqa eshitib kelayotganida mashina urib yuborishiga bir bahya qolganing aytib, "sotkaning bahridan o'tdim" deb tusmollandi. "Osha kuni bir bolakayning o'zini g'ayritabiiy tutishini ko'rib ajablangan edik. Esingizdami? O'shanda u "sotka"da gaplashayotgan ekan, biz esa..." dedim. Aka xanda otdi.
Kechqurun "Menga sotka olib bering" deb so'rab qoladigan o'g'limga bu voqeani aytib bersam, sharaqlab kulib yubordi. "Bektemir amakim ham o'yin o'ynashni o'rganibdilar. ShohruH shaxmat o'yinini yozib kelgan ekan, qiziqib qolibdilar, har kecha erinmay shaxmat o'ynab chiqarkanlar. Ana shunaqa..."
Indamadim. O'g'lim bilan ayni paytda bahslashish, uni bu masalada nimagadir ishontirish qiyin ekanligini tushunib yetdim. Lekin ichimda sotka ko'targan bolakaylarimizga, albatta, kezi kelganda, asosli tarzda uning foydayu zararidan so'z ochib turishimiz ham zarurligiga ishonch hosil qildim....
|
|
|